Samarqandda respublikadagi birinchi yerosti chiqindi majmuasi ishga tushdi

eʼlon qilindi
Qorasuv massividagi Obod maskan mahallasida o‘rnatilgan
birinchi yer osti chiqindi majmuasi
Birinchi yer osti chiqindi majmuasi. Foto: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi

Samarqand shahrida respublika miqyosida birinchi marta yarim yerosti chiqindi saqlash majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Qorasuv massividagi Obod maskan mahallasida o‘rnatilgan mazkur majmua ikki metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, har birida ikkitadan jami to‘rtta maxsus konteyner mavjud. Har bir konteynerning sig‘imi 550 litrni tashkil etadi va 1000 – 1500 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu tizim chiqindilarning atrofga sochilib ketishi hamda issiq havoda noxush hidlarning oldini olishga yordam beradi.

Agentlik xabariga ko‘ra, kelgusida Samarqandda yana beshta shunday yerosti majmuasini qurish rejalashtirilgan.

Bundan avval O‘zbekistonda shina va batareyalarga ekosbor joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Birinchi bosqichda ekosbor batareyalar va akkumulyatorlar, avtomobillar, moylash materiallari, qadoqlar, shinalar va rezina kameralar, shuningdek, shisha buyumlar uchun belgilanishi taklif etilmoqda. Har yili mamlakatda 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, ammo uning atigi besh foizi qayta ishlanadi.

Shuningdek