Yangiliklar

Surxondaryolik 15 yoshli qizning otasi uning to‘yidan bexabarligini aytdi

Abdumalik Hasanov
15 yoshli qiz
Surxondaryolik 15 yoshli o‘quvchisining otasi qizining to‘yi haqida bilmaganini aytdi. Ekran tasviri videodan olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda turmushga berilgan 15 yoshli maktab o‘quvchisining otasi Abdumalik Hasanovning murojaati tarqaldi. Uning aytishicha, unga qizining to‘yi haqida hech kim xabar bermagan. U bu qarorni qaynonasi qabul qilganini ta’kidlagan.

Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil avval uning rafiqasi kasallikni bahona qilib Rossiyaga ketgan va qizini onasining (qaynonasining) qaroviga qoldirgan. Keyinchalik buvi uning ikki o‘g‘lini ham olib ketgan. Hasanovning o‘zi esa bolalarini ko‘rish imkonidan mahrum bo‘lgan. Ularni ko‘rishga uringanida 15 sutkaga hibsga olinganini aytmoqda.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/09/15-yoshli-qizni-kim-turmushga-berdi_.mp4
Video: «Mushtum» jurnali

«Men bunga aslo ruxsat bermasdim va to‘yni to‘xtatish uchun hamma chorani ko‘rgan bo‘lardim. Men uning otasiman – ular qanday huquq bilan buni qilishdi?» – deya Hasanov norozilik bildirgan.

U hukumatdan aralashishni, aybdorlarni jazolashni va tergovni oxirigacha yetkazishni so‘ragan. Ota qizini turmushga berishga hech qanday ruxsat bermaganini qat’iy ta’kidlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryo viloyatida 15 yoshli qiz 28 yoshli erkakka turmushga berilgani haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, bu holat Denov tumanidagi Ozod mahallasida yashovchi qiz bilan bog‘liq ekani aniqlangan. 2025-yil iyul oyida mahalla yettiligi va ijtimoiy xodimlar tomonidan qizning turmushga berilishi qonun hujjatlariga zid ekani ta’kidlangan va oilaga ogohlantirish berilgan.

Shunga qaramay, 10-avgust kuni nikoh marosimi o‘tkazilgan. Holat bo‘yicha mahalliy profilaktika inspektori qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llab, aybdorlarga jarima belgilagan. 22-sentabr kuni esa nikoh o‘qigan va nikohiga olgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi