Yangiliklar

Tesla zavodida robot xodimga hujum qildi

Hodisa 2023-yil 22-iyul kuni sodir bo‘lgan
Foto: SI yordamida yaratilgan

AQShning Fremont shahridagi Tesla zavodida ishlab chiqarish roboti texnik xodimga jiddiy shikast yetkazdi. Hodisa 2023-yil 22-iyul kuni sodir bo‘lgan, ammo voqea tafsilotlari yaqinda ommaga ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Independent.

Ma’lum bo‘lishicha, 50 yoshli texnik mutaxassis Piter Xinterdobler robot ustida ishlayotganida u nazoratdan chiqib, kutilmaganda unga zarba bergan. Shikoyatga ko‘ra, mexanik qo‘l katta kuch bilan urib yuborganidan so‘ng xodim yiqilib, hushidan ketgan va boshqa og‘ir tan jarohatlari olgan.

Xinterdoblerning da’vosiga ko‘ra, voqea oqibatida uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetgan va u astronomik tibbiy xarajatlarni to‘lashga majbur bo‘lgan. U hozirgacha $1 million miqdorida davolanish xarajatlarini qoplagan, biroq oldinda yana $6 milliondan ortiq mablag‘ sarflashi kutilmoqda.

Shu sababli jabrlanuvchi Tesla kompaniyasidan $51 million miqdorida tovon puli undirish uchun sudga murojaat qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla arzon Cybertruck ishlab chiqarilishini to‘xtatgani haqida xabar bergan edi.