Toshkent Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik havo yuk markaziga aylandi

2019 – 2024-yillar yakunlariga ko‘ra, Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda Olmaotadan keyin ikkinchi yirik havo yuk markazi sifatida qayd etildi. Bu haqda Freightos Group strategik yetkazib berish bo‘limi rahbari Kelli Chen ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ostonа uchinchi o‘rinni egallagan, undan keyin Bishkek, Dushanbe va Ashxobod aeroportlari joylashadi. Chen ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasida yuk tashish hajmi oshgani bois muhim transport xabiga aylanmoqda. Ammo Qozog‘iston mintaqaning asosiy siyosiy-iqtisodiy markazi bo‘lib qolmoqda.
Yevropadan Markaziy Osiyoga yetkaziladigan yuklar orasida eng mashhur yo‘nalishlar sifatida Frankfurt, Amsterdam, Milan, Bryussel va Gamburg aeroportlari qayd etilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida Turkish Cargo 50 foizdan ortiq ulush bilan mintaqadagi havo yuk tashish bozorida yetakchilikni saqlab kelmoqda. Keyingi o‘rinlarda Silk Way West Airlines, Lufthansa Cargo va Qatar Airways turib, so‘nggi ikki yilda mintaqaga reyslar sonini qariyb uchdan biriga oshirgan.
Uzbekistan Airways esa beshinchi pog‘onani egallaydi. Cargoport International biznesni rivojlantirish direktori Ilya Kuznetsovning ta’kidlashicha, UzAirways yuklarni yo‘lovchi reyslari bilan ham tashishi sababli segmentdagi ulushi sezilarli.
Shuningdek, kompaniyaning Boeing’dan 22 ta Dreamliner samolyoti xarid qilish rejasi mijozlar imkoniyatlarini kengaytirib, yo‘lovchi tashishni ham yaxshilashi kutilmoqda.
Avvalroq «UzCargo» Buyuk Britaniyaga yuk jo‘natish huquqini tasdiqlagandi. Mazkur maqom mustaqil Yevropa Ittifoqi yoki Buyuk Britaniya auditorlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng beriladi. Yangi manzilga ko‘chirilgan «UzCargo» terminali joriy yilda qayta akkreditatsiyadan o‘tdi.