Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
«Uzautotrans Service» korxonasi ma’lumotiga ko‘ra, qatnovlar joriy yilning 6-oktabridan boshlab haftaning dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Toshkentdan Qozonga ilk qatnov 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Avtobus «Toshkent» avtovokzalidan soat 17:00 da jo‘naydi, chipta narxi esa 700 ming so‘m etib belgilangan.
Qozondan Toshkentga esa ilk qatnov 9-oktabr kuni amalga oshiriladi. Avtobus «Qozon» markaziy avtovokzalidan mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da harakatga chiqadi, chipta narxi 5 ming rublni tashkil etadi.
Korxona so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu reyslarga oid feyk va asossiz ma’lumotlar tarqatilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, yo‘lovchilarni noqonuniy tashuvchilarga aldanib qolmaslikka chaqirdi. Rasmiy qatnovlarda yo‘lovchilar xavfsizligi va huquqiy himoyasi to‘liq kafolatlanadi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish va ro‘yxatdan o‘tish uchun +998 94 131 99 99 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ayrim avtobus yo‘nalishlariga o‘zgarishlar kiritilgani haqida yozgan edik.