
AQSh prezidenti Donald Tramp import mahsulotlarga bojlarni oshirish qarorini chiqardi. 2025-yil 1-oktabrdan oshxona shkaflari va vannaxona mahsulotlariga 50 foiz, yumshoq mebelga 30 foiz boj qo‘llaniladi, deya yozmoqda CNN.
Bu qaror mebel bozorida narxlarning ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir yilda mebel narxlari 4,7 foizga, oshxona va mehmonxona mebellari 9,5 foizga oshgan.
Tramp bojlarni chet el ishlab chiqaruvchilarning ortiqcha tovarlari bilan izohladi. U milliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatdi.
Og‘ir yuk mashinalariga ham 25 foiz boj belgilandi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yordam berishi bilan birga chet davlatlarda yig‘iladigan mashinalar uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, Tramp po‘lat, alyuminiy, yog‘och va yarimo‘tkazgichlarga ham qo‘shimcha bojlar qo‘yilishi ehtimolini istisno qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp bu yilgi Nobel tinchlik mukofotini qo‘lga kiritishi kutilmayotgani haqida yozgan edik.