Tramp TikTok’ning AQShdagi aktivlarini sotish bo‘yicha farmon imzoladi

Donald Tramp TikTok’ning AQShdagi operatsiyalarini amerikalik va xalqaro investorlar qo‘liga o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi farmonni imzoladi. Yangi kompaniya qiymati taxminan $14 milliard deb baholanmoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, ilovaning tavsiya algoritmi AQSh kompaniyasi nazoratiga o‘tadi va xavfsizlik hamkorlari tomonidan kuzatib boriladi. Tramp aytishicha, Xitoy rahbari Si Szinpin reja bo‘yicha davom etishga rozilik bildirgan.
Investorlardan Oracle va Silver Lake kompaniyalari 50 foiz ulushni qo‘lga kiritishi kutilmoqda. Shuningdek, Michael Dell, Rupert Murdoch va boshqa yirik sarmoyadorlar ham ishtirok etadi. ByteDance esa AQShdagi TikTok kompaniyasida 20 foizdan kam ulushga ega bo‘ladi.
TikTok’ning AQShda 170 million foydalanuvchisi bor. Trampning o‘z akkauntida esa 15 milliondan ortiq obunachi mavjud. U kelishuvni «amerikaliklar boshqaradigan loyiha» deb atadi va foydalanuvchilar ma’lumotlari xavfsizligini kafolatladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Vashingtonda o‘lim jazosi ijrosini buyurgani haqida yozgandi.