Yangiliklar

Tramp Turkiya Rossiyadan neft va gaz olishni to‘xtatsa, unga harbiy samolyotlarni sotishi mumkinligini aytdi

Donald Tramp Oq uyda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi
Tramp Turkiya Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘xtatishni taklid qildi. Foto: Middle East Eye

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida Tramp Erdo‘g‘onga Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘xtatishi kerakligi haqida ta’kidladi.

«Eng to‘g‘ri qaror – Rossiyadan neft va gaz xaridini to‘xtatish bo‘lardi», dedi Tramp.

LIVE: Trump meets with Turkey’s Erdogan at the White House

Uning aytishicha, agar Turkiya Rossiyaga energetik qaramlikni kamaytirsa, AQSh beshinchi avlod «F-35» jangovar samolyotlarini sotishga hamda ilgari qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga tayyor. Shuningdek, Turkiya to‘rtinchi avlod «F-16» samolyotlarini ko‘proq sotib olishga ham qiziqish bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, AQShning Turkiya mudofaa sanoatiga qarshi sanksiyalari Trampning birinchi prezidentlik davrida joriy etilgan edi. Bunga sabab – Anqaraning Rossiyadan «S-400» havo mudofaa tizimini xarid qilishi bo‘lgan. Bu qaror AQSh va Turkiya o‘rtasida jiddiy keskinlikka olib kelgandi.

Uchrashuv yakunida Erdo‘g‘an Rossiya bilan savdo masalasida aniq bayonot bermadi, biroq AQSh bilan «F-35» va «F-16» samolyotlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Bundan oldin Tramp Hindiston hukumatini Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft import qilayotganlikda ayblab, ushbu mamlakatdan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston nafaqat Rossiyadan katta hajmda neft sotib olmoqda, balki uni ochiq bozorlarda qayta sotib, katta daromad ham topmoqda.