
Xitoyda Xiaomi kompaniyasi tomonidan Xiaomi 17 Pro va Xiaomi 17 Pro Max smartfonlari taqdim etildi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Ular deyarli bir xil texnik imkoniyatlarga ega bo‘lib, farq asosan ekran hajmi va akkumulyator sig‘imida. Asosiy e’tibor tortuvchi xususiyat — kamera blokiga joylashtirilgan kichik qo‘shimcha ekran. U yordamida asosiy kamera orqali selfi qilish osonlashadi.

Smartfonlar Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasida ishlaydi. Xiaomi 17 Pro 6,3 dyuymli displeyga ega bo‘lsa, 17 Pro Max ekranining diagonali 6,9 dyuym, tasvir aniqligi esa 2608 x 1200 pikseldir. Kamera blokidagi ekran kichikroq modelda 2,66 dyuym, kattasida esa 2,86 dyuymni tashkil etadi.
Akkumulyator hajmi Xiaomi 17 Pro‘da 6300 mAch, Xiaomi 17 Pro Max’da esa 7500 mAch bo‘lib, ular mos ravishda 100 Vt quvvatda simli va 50 Vt quvvatda simsiz tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kameralar Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Asosiy sensori Light Hunter 950L bo‘lib, LOFIC texnologiyasini qo‘llaydi va 16,5 bosqichli ekspozitsiya diapazonini ta’minlaydi. Bu esa qarama-qarshi yorug‘likda yuqori sifatli surat olish imkonini beradi. Shuning uchun kompaniya yangi modellarni «qarshi yorug‘likda suratga olish qiroli» deb atadi. Qolgan sensorlar ham 50 MP aniqlikka ega, shuningdek, 5 karra optik zum mavjud.
Yangi smartfonlar UWB texnologiyasini qo‘llaydi va IP69 darajasida himoyalangan. Oldindan buyurtmalar allaqachon boshlangan.
Narxlar:
Model | Xotira konfiguratsiyasi | Narxi |
---|---|---|
Xiaomi 17 Pro | 12/256 GB | $705 |
12/512 GB | $745 | |
16/512 GB | $790 | |
16 GB / 1 TB | $845 | |
Xiaomi 17 Pro Max | 12/512 GB | $845 |
16/512 GB | $885 | |
16 GB / 1 TB | $985 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Pro asosiy kamerada selfi imkoniyatini namoyish qilgani haqida yozgan edi.