Yangiliklar

Fuqarolarni Meksika orqali AQShga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan firma rahbari ushlandi

Fuqarolarning har biridan $32 mingdan talab qilgan
Fuqarolarni Meksika orqali AQShga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan firma rahbari ushlandi. Foto: DXX

Uch nafar fuqaroni Meksika orqali AQShga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan sayyohlik firmasi rahbari ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari uch nafar fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga ularning har biridan $32 mingdan, jami $96 ming talab qilgan.

U hujjatlarni rasmiylashtirish bahonasida oldindan $15 ming olayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq shunday holat Toshkent shahrining Sergeli tumanida yuz bergandi. Unda ikki fuqaro boshqa bir kishini AQShga ishga yuborishini va’da qilib, undan $22 ming olganida dalillar bilan qo‘lga olingandi.

AQSh hukumati hozirda chet elliklarga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 biznes/turistik vizalarini berish qoidalarini kuchaytirgan. Ilgari esa bu turdagi arizalar istalgan davlatdagi elchixonalar orqali qabul qilinardi. 6-sentabrgacha suhbatga yozilganlar uchun eski shartlar amal qilishi davom etadi. Shuningdek, iyul oyida AQShga viza olish uchun $250 lik yangi to‘lov joriy etildi.