
Toshkent viloyatining Nurafshon shahriga yangi Yutong va Higer avtobuslari keltirildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, «Nice trans» korxonasi tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan olti dona zamonaviy Yutong va olti dona Higer avtobuslari Nurafshonga olib kelindi. Ular shahar ichki yo‘nalishlarida qatnovni ta’minlaydi.
Bundan avval ham Nurafshon shahriga «Nurafshon jamoat transporti» korxonasi tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan sakkiz dona zamonaviy Yutong avtobusi olib kelingandi.
Joriy yil boshidan buyon Nurafshon shahridan tashqari Olmaliq shahriga 42 dona, Angren shahriga 15 dona avtobus keltirilgan. Transport vazirligiga ko‘ra, hozirda ular brutto shartnoma asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyati Iftixor mahallasidan Chorsu metrosigacha 177-sonli avtobus yo‘nalishi ishga tushgani haqida xabar berilgandi. Ushbu yo‘nalishda qatnov Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan bog‘lash ishlari doirasida amalga oshirilmoqda.