O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxdagi AES qurilishi bo‘yicha hujjatlarni imzoladi

Moskvada o‘tayotgan Jahon atom haftaligi doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ikki muhim kelishuv imzolandi. Bu haqda «O‘zatom» ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, birinchi hujjat 2025-yil 20-iyundagi bitimga qo‘shimcha bo‘lib, Jizzax viloyatida 3+ avloddagi ikkita VVER-1000 hamda ikkita RITM-200N reaktorlari asosida AES qurilishi shartlarini belgilaydi.
Ikkinchi hujjat esa Rossiyadan yadro yoqilg‘isi, ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi.
«O‘zbekistonning qoq markazida, Jizzax viloyatida biz misli ko’rilmagan energetika loyihasini yaratmoqdamiz. Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirishda peshqadam bo‘lib, biz nafaqat mintaqada birinchi stansiyani quryapmiz, balki birinchi bo’lib kelajakning innovatsion yechimini yaratyapmiz. Bizning loyihamiz – bu kichik modulli stansiyalarning ilg’or texnologiyalari va katta quvvatli klassik atom energetikasining vaqt sinovidan o’tgan yechimlarining dadil birikmasidir», – dedi «O‘zatom» agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.
Bundan avval bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev «Rosatom» bilan amalga oshiriladigan ushbu loyiha oʻziga xosligini ta’kidlagandi.
Bosh vazir oʻrinbosarining fikricha, AES mamlakatning yangi industrializatsiyasi ramziga aylanadi. Uning qurilishi Jizzax viloyatiga investitsiyalarni jalb etishga yordam beradi. Elektr stansiyasi, shuningdek, avtomobilsozlik korxonalari joylashgan hududning sanoat salohiyatiga ham ijobiy ta’sir koʻrsatadi.