Shaharlararo qatnovchi elektropoyezdlar jadvaliga vaqtinchalik o‘zgarishlar kiritildi

Joriy yilning ayrim kunlari uchun shaharlararo elektropoyezdlar harakat jadvaliga o‘zgarishlar kiritildi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi.
Unga ko‘ra, 1 – 2-oktabr kunlari va 3-oktabrdan 14-dekabrgacha esa har juma, shanba va yakshanba kunlari 6414 va 6413-sonli poyezdlar yangi jadval asosida qatnaydi:
- 6414-sonli «Toshkent Janubiy — Guliston»: soat 12:22 da Toshkent Janubiydan chiqib, 15:29 da Gulistonga yetib keladi.
- 6413-sonli «Guliston — Toshkent Janubiy»: soat 15:49 da Gulistondan jo‘nab, 18:10 da Toshkent Janubiyga yetib keladi.
Shuningdek,
- 12-oktabr kuni 6313-sonli «Andijon — Qo‘qon» poyezdi Andijondan Marg‘ilongacha amaldagi jadvalda harakatlanadi. Marg‘ilondan soat 18:46 da yo‘lga chiqib, Qo‘qonga 19:59 da yetib boradi.
- 29-oktabr kuni 6411-sonli «Guliston — Toshkent Janubiy» poyezdi Gulistondan Olmazorgacha amaldagi jadvalda yuradi. Olmazordan esa soat 15:00 da jo‘nab, Toshkent Janubiy bekatiga 16:17 da yetib keladi.
Yo‘lovchilardan safar oldidan yangilangan jadvalni inobatga olish so‘raladi.
Avvalroq «Afrosiyob» poyezdida qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 1 – 2-oktabr kunlari Samarqand – Toshkent – Samarqand yo‘nalishida «Afrosiyob» tezyurar poyezdining qo‘shimcha qatnovlari tashkil etiladi. Shuningdek, 3-oktabrdan boshlab qo‘shimcha qatnovlar muntazam ravishda haftada uch marta – chorshanba, juma va shanba kunlari amalga oshiriladi.