Yangiliklar

Sirdaryoda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro laboratoriya ochildi

O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida
Sirdaryoda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro laboratoriya ochildi
Sirdaryoda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro laboratoriya ochildi. Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Guliston davlat universitetida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro qo‘shma ilmiy laboratoriya ish boshladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Laboratoriya Shandong Baolai Leelai Bio-Tech Group, Shandong Fanlar akademiyasi va Guliston davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo instituti hamkorligida tashkil etilgan. U oziq-ovqat xavfsizligi, tuproq unumdorligi, biotexnologiya va o‘simliklar seleksiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.

Shuningdek, Guliston davlat universitetida xitoy tilini o‘qitishga qiziqish ortib borayotgani inobatga olinib, kelgusi o‘quv yilidan boshlab xitoy tili bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishini ochish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Bundan oldin vazirlik O‘zbekistonda super-kontrakt bekor qilinmagani, balki tartibi o‘zgargani haqida xabar qilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, qabul chegarasiga yetmagan abituriyentlar uchun to‘lov-kontrakt miqdori tabaqalashtirilgan holda belgilanadi.