
Toshkent viloyatidagi bir nechta bog‘chalarda sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanish oqibatida 1900 dan ortiq bolalar shifokorlarga murojaat qilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 1922 nafar va bemor bolalar bilan aloqada bo‘lganlari ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan. Shuningdek, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun uylariga javob berilgan.
Hozirda viloyatdagi shifoxonalarda 694 nafar bola davolanmoqda, ularning 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda baholanmoqda. 27-sentabr kuni yana 421 nafar bolani uyiga javob berish rejalashtirilgan. Mutaxassislar bemorlarga «o‘tkir gastroenterit» tashxisi qo‘yilganini, bu kasallik odatda asoratsiz o‘tishini bildirdi. Hozirda viloyatning yettita shifoxonasida bolalarni davolash ishlari amalga oshirilmoqda.
Gazeta.uz’ga ko‘ra, zaharlanish holatlari asosan Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bog‘chalarda qayd etilgan. Ayrim bolalar Olmaliq va Nurafshon shaharlariga ham ko‘chirildi. Tekshiruvlarga ko‘ra, barcha bog‘chalarga ovqat yetkazib beruvchi uchta kompaniya bir xil manbadan kefir sotib olgan bo‘lib, zaharlanishga aynan shu mahsulot sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Otabekovning aytishicha, hozirda olingan namunalarning laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi.
Avvalroq mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Bolalar ombudsmani voqeani bolalar manfaatlari nuqtai nazaridan alohida kuzatuvga olganini ma’lum qildi.