Yangiliklar

Ziroat Mirziyoyeva BMT forumida bolalar saratoni muammosini ko‘tardi

Bmt
Foto: Skrinshot

Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yuqori darajali haftaligi doirasida «Onkologik va boshqa og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotgan bolalarning yashab qolish darajasini oshirish va ularning iztiroblarini kamaytirish bo‘yicha global harakat» forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), St. Jude bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi hamda Zamin jamg‘armasi hamkorlikda tashabbuskor bo‘ldi. Forumga Zamin xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva raislik qildi.

O‘z nutqida Mirziyoyeva dunyoda ikki milliarddan ortiq bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingani yoki ularga duch kelish xavfi ostida ekani, millionlab bolalar esa onkologiya bilan kurashayotganini qayd etdi. U rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi yashab qolish darajasidagi tafovut «keskin va qabul qilib bo‘lmas darajada katta» ekanini ta’kidladi.

🔹 «Biz fojialarning oldini olish uchun aniq choralar ko‘rishimiz shart», dedi Mirziyoyeva.

JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus o‘z chiqishida 2030-yilga borib bolalar orasida rakdan omon qolish darajasini 60 foizga yetkazish global tashabbus maqsadi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kungacha 80 mamlakatda 400 mingdan ortiq kichik bemor zarur davolanish olgan.

Forumda kasallikka qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishgan bemorlarning hikoyalari ham taqdim etildi. Ulardan biri o‘zbekistonlik 17 yoshli Samira, u dardni yengib chiqib, umid ramziga aylangan.

Tadbir hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillarining kuchlarini birlashtirishga, bolalar onkologiyasi va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi global hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezidentning AQShga bo‘lgan tashrifi qanday o‘tgani haqida xabar bergan edi.