16 ming dollarlik Changan Nevo A06 EV oldindan buyurtmaga chiqdi

29-sentabr 2025 11:28 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
16 ming dollarlik Changan Nevo A06 EV oldindan buyurtmaga chiqdi / Foto: Changan

Changan kompaniyasi tomonidan Changan Nevo A06 avtomobili oldindan buyurtmaga taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Modelning olti xil komplektatsiyasi mavjud bo‘lib, narxi 119 900 yuandan ($16,8 ming) 159 900 yuangacha ($22,4 ming) belgilangan. Avtomobil 510 va 630 kilometr CLTC yurish masofasiga ega versiyalarda taklif qilinmoqda. Keyinchalik EREV varianti ham chiqarilishi rejalashtirilgan.

Foto: Changan

Sedan aerodinamik ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Uning qarshilik koeffitsiyenti 0,205 Cd darajasida. Old tomondagi 2,2 metrlik yorug‘lik paneli 236 ta LED dioddan tashkil topgan, orqa chiroqlar esa 274 diod bilan yoritilib, maxsus belgilarni ko‘rsatish uchun dasturlanishi mumkin. Mashina o‘lchamlari 4885×1916×1496 millimetrni tashkil qiladi, g‘ildiraklar bazasi esa 2922 millimetr.

Foto: Changan

Texnik imkoniyatlarga ko‘ra, 510 kilometr yurish masofasiga ega variant 120 kilovatt quvvatli (161 ot kuchi) elektromotor va 51,48 kilovatt-soatli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lsa, 630 kilometr masofali versiyada 210 kilovattlik (282 ot kuchi) elektromotor, 63,18 kilovatt-soatli batareya va 800V platforma ishlatilgan. Birinchi variantning maksimal tezligi 160 km/soatni tashkil etsa, ikkinchisida bu ko‘rsatkich 188 km/soatga yetadi. 6C tezkor zaryadlash texnologiyasi yordamida batareyani 10 foizdan 80 foizgacha atigi 12 daqiqada quvvatlantirish mumkin.

Ustunliklardan yana biri avtomobilga o‘rnatilgan ilg‘or haydovchi yordamchisi tizimidir. Yuqori komplektatsiyalarda tomga o‘rnatilgan lidar, uchta millimetrli radar, 12 ta ultratovush sensori va 11 ta kamera mavjud. Ular Horizon Robotics J6M chipi asosida ishlaydi va 128 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Tizim avtomagistralda NOA boshqaruvi, avtomatik parkovka va favqulodda burilish kabi funksiyalarni bajaradi.

Foto: Changan

Ichki salonda ham Changan o‘z innovatsiyalarini namoyish etdi. Old o‘rindiqda sanoatdagi ilk 28 nuqtali massaj tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, bu Mercedes-Benz S-Class’dan to‘rt nuqta ko‘proqdir. Panoramik lyukning maydoni 2,5 kvadrat metrni tashkil qiladi. Orqa o‘rindiqlar 145 daraja burchakka yotqizilishi mumkin. Bagaj qismi ham keng. Uning old qismi 108 litr bo‘lib, suv o‘tkazmaydigan, orqa qismi esa 656 litrni tashkil etadi. O‘rindiqlar bukilganda hajm 1770 litrgacha kengayadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Changan CS55 Plus avtomobili qanday xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edi.

Shuningdek