Bog‘chalardagi zaharlanish ortidan 38 nafar bola shifoxonalarda qolmoqda

29-sentabr kuni soat 12:00 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda davolanayotgan bolalar soni 38 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlarning ahvoli barqaror. Kasallik yengil shaklda kechmoqda, og‘ir yoki asoratli holatlar qayd etilmagan. Barcha tarbiyalanuvchilar shifokorlarning doimiy nazoratida. Shuningdek, ota-onalarga ham bolalar sog‘lig‘i haqida muntazam axborot berib borilmoqda.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, barcha bemorlarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan. Odatda kasallik 2-3 kun davom etadi va to‘g‘ri terapiya bilan asoratlarsiz o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, zaharlanish holatlari asosan viloyatning Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bog‘chalarda qayd etilgan. Ayrim bolalar Olmaliq va Nurafshon shaharlariga ham ko‘chirilgandi.
Bundan tashqari, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bolalar ombudsmani voqeani bolalar manfaatlari nuqtai nazaridan alohida kuzatuvga olganini ma’lum qildi.