Bo‘stonliqda o‘lik holda topilgan ayiq bo‘yicha ekspertiza tekshiruvi o‘tkaziladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliqda ayiq o‘ldirilganiga doir xabarlar tarqalganligi yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tekshiruv o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidagi bitta Tyan Shan qo‘ng‘ir ayig‘i taxminan 70 – 80 metr balandlikdagi qoyadan yiqilib nobud bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Boshqarma ayiqning aniq o‘lim sababi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ekspertizasi natijasida aniqlanishini ma’lum qildi. Hozircha hayvon tanasi Burchmullo o‘rmon xo‘jaligida vaqtincha saqlanmoqda. Holat Ekologiya boshqarmasi nazoratiga olingan.
Bundan oldin noyob lochinlarni noqonuniy saqlagan fuqaro 620 million so‘m jarimaga tortilgandi. Xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi fuqaroning uyida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ikki dona noyob lochin – «Sapsan» va «Jig‘oltoy» noqonuniy ravishda qafasda saqlanayotgani aniqlangan.