Yangiliklar

Britaniya Jaguar Land Rover’ga 1,5 mlrd funtlik kredit kafolati beradi

Kiberhujumdan keyin tiklanishi uchun
Britaniya Jaguar Land Rover’ga 1,5 milliard funtlik kredit kafolati beradi / Foto: CBT

Buyuk Britaniya hukumati Jaguar Land Rover’ni (JLR) qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 mlrd funt sterling miqdorida kredit kafolati taqdim etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur chora kiberhujum sababli ishlab chiqarishi deyarli bir oy to‘xtab qolgan kompaniya va uning ta’minot zanjirini barqarorlashtirishga qaratilgan.

Tata Motors’ga qarashli JLR Birmingem va Liverpul atrofida joylashgan uchta zavodga ega bo‘lib, ular kuniga qariyb mingta avtomobil ishlab chiqaradi va minglab ish o‘rinlarini ta’minlaydi. Kredit xususiy moliya manbalari hisobidan ajratiladi va UK Export Finance agentligi tomonidan kafolatlanadi.

Biznes vaziri Piter Kayl kiberhujumni «nafaqat mashhur Britaniya brendiga, balki butun avtomobilsozlik sanoatiga zarba» deb baholadi.

Ma’lumot uchun, Jaguar Land Rover’ga 31-avgust – 1-sentabr kunlari kiberhujum uyushtirildi. Kompaniya IT tizimlarida xavf aniqlangach, ehtiyot chorasi sifatida logistika, ishlab chiqarish va savdo tizimlarini vaqtincha o‘chirib qo‘ydi.

Natijada Britaniyadagi Solihull, Halewood va Wolverhampton zavodlarida ishlab chiqarish to‘xtadi. Kompaniya mijozlar ma’lumotlari o‘g‘irlanmaganini bildirdi. Hukumat va Milliy kiberxavfsizlik markazi tergov o‘tkazmoqda, tizimlarni tiklash jarayoni bosqichma-bosqich davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasiga qarashli mijozlar ma’lumotlari bazasiga xakerlar tomonidan yirik kiberhujum uyushtirilgan edi.