Buxoroda saksovul kesganlar qamoqqa olindi

Buxoroda saksovulni noqonuniy kesganlar jarimaga tortildi va qamoqqa olindi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, viloyatning Shofirkon tumanidagi cho‘l hududidan saksovulni noqonuniy ravishda sindirib olib ketayotgan Ford avtomashinasi to‘xtatildi. Mashinada bo‘lgan uch fuqaro inspektorlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqarolardan biri 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi oldi. Qolgan ikki nafariga esa har biriga 10,3 mln so‘mdan jarima belgilandi. Huquqbuzarlar tabiatga jami 32,3 mln so‘m zarar yetkazgan deb hisoblandi. Bundan tashqari, uchala shaxs va yana bir fuqaroga inspektorlarga bo‘ysunmaganlik uchun 2 mln so‘mdan qo‘shimcha jarima qo‘llandi.
Bundan oldin Samarqandda noqonuniy qum qazigan fuqaro 16 million so‘m jarimaga tortilgandi. Xabarga ko‘ra, fuqaro Samarqand viloyatining Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanalidan qora qum aralashmasini noqonuniy ravishda qazib olgan.