
Centrum Air 2025-yil 2-oktabrdan Toshkent va Dehli o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Parvozlar dastlab haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari Airbus A320, A320neo, A321neo va A330-300 samolyotlarida amalga oshiriladi. Chiptalar narxi bir tomonga BASE tarifida $188, OPTIMAL tarifida esa $214 dan boshlanadi.
Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi yo‘nalish Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sayohatni qulaylashtiradi. Shuningdek, Toshkentni Markaziy Osiyoning xalqaro havo markazi sifatidagi ahamiyatini mustahkamlaydi. Chiptalarni centrum-air.com rasmiy sayti orqali xarid qilish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Centrum Air aviakompaniyasi o‘n ikkinchi samolyotini xarid qilgani haqida yozgandi. 6-sentabr kuni aviakompaniya o‘zining uchinchi keng fyuzelyajli Airbus A330-300 samolyotini qabul qildi. Ushbu havo kemasi 2010-yilda Fransiyaning Tuluz shahrida ishlab chiqarilgan bo‘lib, avval Tailandning Thai Airways aviakompaniyasida parvoz qilgan. Keyinchalik u irlandiyalik Aergo Capital lizing kompaniyasi tomonidan boshqarilgan.