Honor MagicPad 3 Pro planshetining asosiy xususiyatlari ochildi

29-sentabr 2025 14:05 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Honor MagicPad 3 Pro
Honor MagicPad 3 Pro planshetining asosiy xususiyatlari ochildi / Foto: Honor

Honor 15-oktabr kuni Xitoyda taqdim etilishi kutilayotgan Magic 8 smartfonlar qatori bilan birga yangi MagicPad 3 Pro planshetini ham namoyish etadi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Honor MagicPad 3 Pro dunyoda birinchi bo‘lib Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan ta’minlanadigan planshet bo‘ladi. Qurilmada shuningdek, kompaniyaning o‘z ichki E2 energiya samaradorligi chipi ham ishlatiladi, bu esa batareya boshqaruvini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.

Planshet 13,3 dyuymli LCD displey bilan jihozlanadi. Uning aniqligi 3200 × 2136 piksel, 3.2K sifat, 165 Gts yangilanish chastotasi bilan taqdim etiladi. Bundan tashqari, ekran IMAX Enhanced sertifikatiga ega bo‘lib, vizual sifatga alohida urg‘u berilgan. Xuddi shu ekran oldinroq iyul oyida Xitoyda taqdim etilgan Honor MagicPad 3 modelida ham qo‘llangan.

Quvvat manbai sifatida qurilmaga 12 450 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatiladi. Operatsion tizim — Android asosidagi MagicOS 10, u iOS, Android va HarmonyOS tizimlari bilan kross-platforma ma’lumot almashishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Hozircha operativ xotira va saqlash hajmi, kamera imkoniyatlari va tezkor zaryadlash haqida aniq ma’lumotlar oshkor etilmagan. Biroq tarqalgan suratlarda qurilmaning uch xil rangda taqdim etilishi ko‘rinmoqda: Starry Gray, Floating Light Gold va Moon Shadow White.

Taqdimotdan so‘ng MagicPad 3 Pro plansheti premium segmentdagi eng kuchli Android planshetlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor Magic 8 ilk bor namoyish etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek