Mirziyoyev Ismoil Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi, atoqli davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekov 28-sentabr kuni 94 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev, Tanzila Norboyeva, Nuriddin Ismoilov va Abdulla Aripov hamdardlik bildirdi.
Ismoil Jo‘rabekov 1931-yil 12-sentabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. U Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligini olgan. Mehnat faoliyatini 1955-yilda Pastdarg‘om tumanida muhandis sifatida boshlagan. Keyinchalik irrigatsiya va melioratsiya sohasida mas’ul lavozimlarda ishlagan, vazir darajasiga qadar yetgan.
1985-yilda Jo‘rabekov O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Mustaqillik yillarida esa Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Xususan, ijro hokimiyati tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni jadallashtirish va fermerlik harakatini rivojlantirishda katta tashabbus ko‘rsatgan.
U Davlat suv nazorati boshlig‘i va prezidentning davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib borgan. Mustaqil O‘zbekiston davrida suv xo‘jaligi sohasida bilim va tajribasi bilan yosh kadrlarga ustozlik qildi.
Jo‘rabekov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» unvoni, shuningdek, «Mehnat shuhrati», «Do‘stlik», «Fidokorona xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati» va «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan rejissyor va teleboshlovchi Tigran Keosayan vafot etgani haqida yozgandi.