
Oppo kompaniyasining yaqinda taqdim etilishi kutilayotgan Oppo Find X9 Pro smartfoni haqida qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qildi. Bu haqda Weibo tarmog‘ida ma’lum qilindi.
Smartfon 6,78 dyuymli LTPO OLED 1,5K displeyga ega bo‘lib, keng ko‘rish burchaklari bilan ajralib turadi. Old kamerasi 50 megapikselli, asosiy tizim esa to‘rtta moduldan iborat bo‘ladi. Ular orasida 50 megapikselli keng burchakli sensor, HP5 F2.1 asosidagi 200 megapikselli periskop kamera, 50 megapikselli ultra-keng modul va 2 megapikselli yordamchi kamera mavjud.
Flagman MediaTek Dimensity 9500 protsessori bilan jihozlanadi. Qurilmaga yangilangan 0816 motor o‘rnatilgan bo‘lib, u vibratsiya qaytarishini yaxshilaydi. Find X9 Pro Hasselblad’ning maxsus telekonverterlarini qo‘llab-quvvatlaydi va yuqori darajadagi himoya standartlariga javob beradi: IP66, IP68 va IP69.
Smartfon 7500 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan. U 80 vattli simli tezkor zaryadlash va 50 vattli simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmaning qalinligi atigi 8,25 millimetr, og‘irligi esa 224 gramm atrofida.
Oppo Find X9 Pro uchun Xitoyda oldindan buyurtmalar allaqachon qabul qilinmoqda. Model kuchli texnik ko‘rsatkichlari va ilg‘or kamera tizimi bilan premium segmentda jiddiy raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oppo Find X9 xususiyatlari oshkor bo‘lgani haqida yozgan edi.