
O‘zbekiston diplomatlari Misrning chiqindilarni qayta ishlash va qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi yetakchi operatori — «GY ECO Energy for Environmental Solutions» kompaniyasi rahbari Tamer Ismail bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Muloqotda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tamer Ismail O‘zbekistonning barqaror rivojlanish strategiyasi hamda energiya islohotlari kompaniya uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Tomonlar kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tashabbuslarni belgilash bo‘yicha kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, 2018-yilda tashkil etilgan «GY ECO Energy» kompaniyasi chiqindilarni energiyaga aylantirish, «yashil» vodorod ishlab chiqarish, quyosh energetikasini rivojlantirish hamda plastik va rezinani qayta ishlash bo‘yicha xalqaro loyihalarni amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq GEAPP tomonidan rivojlanayotgan davlatlarda yashil energiyaga $7,5 milliard yo‘naltirilishi haqida xabar bergan edik.