Pusanlik tadbirkorlar Toshkent va Olmaotada 5,5 mln dollarlik shartnomalar imzoladi

Janubiy Koreyaning Pusan shahridan kelgan biznes vakillari sentabr o‘rtalarida Toshkent va Olmaotaga tashrifi chog‘ida $5,5 millionlik shartnomalar tuzdi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.
Koreya savdo delegatsiyasi tarkibiga kosmetika, kiyim-kechak va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi sakkizta kichik va o‘rta biznes korxonalari kirdi. Ulardan Dongkwang Trading Company Qozog‘istonning Shin-Line Group kompaniyasi bilan $500 minglik shartnoma imzoladi. Shuningdek, Janubiy Koreya tish implantlarini yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvlar tuzilgan.
Yonhap ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent tadbirkorlari bilan aynan qanday shartnomalar tuzilganligi ochiqlanmadi.
Bungacha Pusan hokimiyati janubiy koreyalik kompaniyalar Toshkent va Olmaotaga tashrif buyurganida $4,5 millionlik shartnomalar imzolash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Yonhapning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo sanoat va iste’mol tovarlariga yuqori talab bo‘lgan rivojlanayotgan bozor hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya 2025-yilning sakkiz oyi yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning beshta asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi.