Qozog‘istonda qor yog‘di — foto

Qozog‘istonning Kustanay viloyati hamda poytaxt Ostona shahrida 28-sentabr kuni yomg‘ir aralash qor yog‘di. Bu haqda Zakon.kz nashri xabar berdi.

Kutilmagan ob-havo tufayli shaharda harorat +2 darajagacha tushdi. Ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilib, svetoforlarning ishlamay qolishi tirbandliklarga sabab bo‘ldi.

Qor yog‘ishi natijasida taksi narxlari ham keskin oshdi. Avvallari 2,5 kilometr masofa uchun 600 tenge to‘lanayotgan bo‘lsa, hozir narx 1680 – 1800 tengeni tashkil qilmoqda. Elektr muammolarini hal etish uchun oltita avariya brigadasi ish olib bormoqda.

Qor faqat Ostona markazini emas, balki unga yaqin tumanlarni ham qamrab oldi. Bu Qozog‘istonda ilk bora kuzatilayotgan holat emas. 2023-yilda Sharqiy viloyatlarda joylashgan Beluxa tog‘lari atrofida birinchi qor 14-avgustdayoq yog‘gan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2024-yilda birinchi qor 18-sentabr kuni yoqqan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zgidromet» Qozog‘iston ustidagi havo massalari Toshkentga ta’sir ko‘rsatmasligi haqida aytganini yozgandi.