Qurilish shartnomasi iste’molchi tomonidan bekor qilinganda jarima undirish mumkin emas — Raqobat qo‘mitasi

Ayrim qurilish korxonalari ko‘p qavatli uylar bo‘yicha tuzilayotgan shartnomaga ushbu kelishuv iste’molchi tomonidan bekor qilinganda to‘langan mablag‘ning 10 foizini jarima sifatida ushlab qolish bandini kiritmoqda.
Amaldagi qonunlarga ko‘ra, bunday talablar noqonuniy hisoblanadi. Fuqarolik kodeksiga binoan, shartnoma bekor qilinganda faqat aniq zarar yetkazilgandagina to‘lov undirilishi mumkin. Ammo ko‘p hollarda qurilish kompaniyasiga hech qanday zarar yetmaydi, chunki uylar boshqa xaridorga sotilishi mumkin. Shuningdek, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlar haqiqiy emas.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga uy-joy xaridida shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘qib chiqishni, zarur hollarda malakali yurist yoki advokat bilan maslahatlashishni tavsiya etadi. Agar shartnomada qonunga zid bandlar aniqlansa, sudga yoki tegishli davlat organlariga murojaat qilish mumkin.
Qo‘mita o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida sakkiz nafar iste’molchining shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, ulardan noqonuniy undirilgan 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan.
Avvalroq tadbirkor va qurilishdagi korrupsion holatlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yakuniy natijalar asosida mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda sohadagi korrupsion omillarni kamaytirish, inson omilini cheklash va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan choralarni ishlab chiqishini bildirdi.