Yangiliklar

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tadbirkorlik loyihalariga 4 trln so‘m ajratadi

2026–2027-yillarda
Foto: Yandex

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan 5 mingta tadbirkorlik loyihasiga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi. Bu haqda prezident farmonida keltirilgan.

Unga ko‘ra, 2026 – 2027-yillarda kompaniya tomonidan 4 trillion so‘mlik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash summasi ajratiladi.

Shuningdek, shu yilning 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mexanizmlar joriy qilinadi. Jumladan, «chempion» tadbirkorlarni shakllantirish maqsadida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga tijorat banklari orqali 10 milliard so‘mgacha kreditlar beriladi.

Bundan tashqari, kichik tadbirkorlik subyektlarining «yashil» iqtisodiyot yo‘nalishidagi loyihalari uchun 500 million so‘mgacha kreditlar qulay shartlarda qayta moliyalashtiriladi. Kredit foizi 6 foizgacha, lekin Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punktdan oshmagan holda belgilanadi.

Mazkur imkoniyatlar kamida 1 yil faoliyat yuritgan va ikki nafar xodimga ega tadbirkorlarning kamida 5 ta yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan loyihalariga tatbiq etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkor va qurilishdagi korrupsion holatlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.