Toshkentdan Chorvoqqa qatnovchi avtobus faoliyati to‘xtatildi

Toshkentdan Chorvoqqa qatnovchi 1226-raqamli avtobus yo‘nalishi to‘xtatildi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Mazkur yo‘nalish bir necha kundan buyon ishlamayapti va manbalarga ko‘ra, uning faoliyati faqat kelgusi yilda tiklanishi mumkin. Shahar transporti mas’ullari hozircha rasmiy bayonot bermadi, shu bois yo‘lovchilar oldindan ogohlantirilmagan.
Ma’lumot uchun, ushbu avtobus faoliyatini shu yilning 1-iyulidan boshlagandi. «Mashinasozlar metrosi – Chorbog‘ (Xumson qo‘rg‘oni)» yo‘nalishi bo‘yicha MAN RR3 rusumli zamonaviy, konditsionerli va 47 o‘rinli turistik avtobuslar xizmat ko‘rsatdi. Bir tomonlama yo‘l kira narxi 25 ming so‘m etib belgilangandi.
Harakatlar har kuni ertalab soat 6:00 da «Mashinasozlar» metrosidan boshlangan. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshirilib, oxirgi avtobus Chorbog‘dan soat 20:30 da yo‘lga chiqqan. So‘nggi manzil esa soat 22:00 da Mashinasozlar metrosi bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chinorkentga boruvchi tezyurar elektropoyezd narxi oshirilishi haqida yozgandi.