Tramp xorijiy filmlarga 100 foizlik boj joriy qilmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasida xorijda ishlab chiqarilgan barcha filmlarga 100 foizlik boj joriy qilishini aytdi. U qaror qachon kuchga kirishi va qanday amalga oshirilishini aniq ko‘rsatib o‘tmadi, deya yozmoqda CNN.
Tramp may oyidayoq bu taklifni ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, boshqa davlatlar kino ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berib, ularni xorijda ishlashga undamoqda. Prezidentning fikricha, bunday amaliyot AQSh kinoindustriyasiga, ayniqsa Kaliforniyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Gollivud vakillari bu tashabbusdan hayratda qolganini aytdi. CNN bilan suhbatlashgan mutaxassislarning fikricha, agar boj haqiqatan joriy etilsa, ishlab chiqarish jarayoni deyarli to‘xtab qolishi mumkin. Shuningdek, ular Trampning bunday qarorni qonuniy ravishda amalga oshirish vakolati yo‘qligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, amerikalik aktyor va rejissyorlar odatda mamlakat ichida ishlashni afzal ko‘radi. Biroq Gollivud studiyalari uchun xorijda film suratga olish ancha arzon, chunki mehnat xarajatlari past, ayrim davlatlarda soliq chegirmalari mavjud va ishlab chiqarish jarayoni qulayroq.
Trampning bu tashabbusi hali amaliyotga joriy etilmagan bo‘lsa-da, u Gollivud hamjamiyatida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tahlilchilarga ko‘ra, agar boj kuchga kirsa, bu xalqaro kino sanoatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp mebel va yuk mashinalariga 50 foizgacha boj joriy qilgan edi.