Xitoy sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri korrupsiya uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi

Xitoyda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Tang Renjian korrupsiya jinoyati uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Hukm ikki yilga kechiktirilgan bo‘lib, bu muddat davomida yangi jinoyat sodir etmasa, jazosi odatda umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
Sud qaroriga ko‘ra, Tang Renjianning barcha shaxsiy mulklari musodara qilinadi, siyosiy huquqlaridan umrbod mahrum etiladi va noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan daromadlari davlat xazinasiga o‘tkaziladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tang 2007–2024-yillar davomida turli lavozimlarda, jumladan, Gansu provinsiyasi gubernatori va qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida, ayrim shaxslar va tashkilotlarga biznes yuritish, loyiha kontraktlari hamda kadrlar tayinlashda yordam ko‘rsatgan. Buning evaziga u 268 million yuan (taxminan $37,6 mln) miqdorida pora olgan. Sudning ta’kidlashicha, pora miqdorining nihoyatda katta bo‘lishi mamlakat va xalq manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.
Tang aybini tan olgani, tergovchilarga ma’lum bo‘lmagan pora holatlarini o‘zi oshkor qilgani va noqonuniy daromadlarini qaytarishga rozi bo‘lgani sababli hukm kechiktirilgan ijro bilan belgilandi.
63 yoshli Tang Renjian Chunsinda tug‘ilgan, 1983-yilda faoliyatini boshlagan va 1991-yilda Xitoy Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan. U butun faoliyati davomida mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan. 2024-yil may oyida u partiya intizomi va milliy qonunlarni qo‘pol buzganlikda gumon qilinib, tergov ostiga olingan. Oradan olti oy o‘tib, u partiyadan haydalgan va davlat lavozimlaridan chetlatilgan. 2025-yil aprelida unga rasmiy ravishda poraxo‘rlik ayblovi qo‘yildi va iyul oyida sudda ochiq ravishda ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoyda dunyoning eng baland ko‘prigi ochilgani haqida yozgan edi.