
Prezident farmoni bilan 2026-yil 1-yanvardan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, mazkur jarayon geologiya, yer munosabatlari va ekologiya sohalaridagi noqonuniy holatlarni aniqlashga qaratiladi.
Xususan, yer qa’ridan ruxsatsiz foydalanish, yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash yoki ularda noqonuniy qurilishlar qilish, chiqindilarni belgilangan hududdan tashqarida saqlash hamda yangi noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash nazoratga olinadi.
2026-yil 1-martdan vakolatli organlar aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’lumotlarni SGM platformasiga raqamli shaklda kiritib boradi. Ma’lumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani yoki ish prokuratura va sud organlarida ko‘rib chiqilayotgani haqidagi belgilarni ham o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Navoiyda ekologik qonunlarni buzgan 22 ta korxona faoliyati to‘xtatilgandi. Unga ko‘ra, mazkur korxonalar orasida kimyo, qurilish, metall eritish va chiqindi yoqish bilan shug‘ullanuvchi obyektlar bor.
O‘rganishlar davomida ayrim korxonalarda atmosfera havosiga me’yordan ortiq zararli modda chiqarilgan, chiqindilar tartibsiz tashlangan va ekologik ekspertiza xulosasisiz faoliyat yuritilgani aniqlangan. Shu bois ularga 10 kunlik muhlat berildi. Belgilangan talablar bajarilmasa, ularning faoliyati sud orqali butunlay to‘xtatiladi.