Yangiliklar

Rossiya 2026-yilda 5-6 ming dona «Atom» elektromobili ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

«Atom» elektromobili
2026-yilda «Atom» elektromobili ishlab chiqariladi / Foto: «Atom»

Rossiya sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov «Innoprom. Belarus» ko‘rgazmasida bergan intervyusida 2026-yilda mahalliy «Atom» elektromobilining 5-6 ming dona nusxasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda «TASS» xabar bermoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, avtomobilning keng miqyosda ishlab chiqarilishi aynan kelgusi yilda boshlanadi.

Alixanov birinchi yilda «Atom» eksportga chiqarilmasligini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu loyiha kelajakda katta istiqbolga ega bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakat avtohavaskorlarining ham e’tiborini qozonishi mumkin. Biroq bunda eng muhim omil — mamlakatda qulay va keng qamrovli quvvatlash infratuzilmasi yaratilishi hisoblanadi.

Vazirning aytishicha, «Atom»ning birinchi avlodi ancha muvaffaqiyatli chiqqan, ammo ayrim tugmalar va boshqaruv elementlariga oid savollar mavjud. U hozirda «Atom»ning ikkinchi avlodi ustida ham ish olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Kelgusi yilda ishlab chiqarish hajmi taxminan 5-6 ming dona bo‘ladi. Shu sababli, menimcha, birinchi ishlab chiqarish yilida bu eksport mahsuloti bo‘lib chiqmaydi», degan u.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 16 ming dollarlik Changan Nevo A06 EV oldindan buyurtmaga chiqqani haqida yozgan edi.