Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga 47 ming nafar mahalla xodimi jalb etiladi

2026-yilda O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Milliy statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Nurbek Sheraliyevning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, jarayonga «mahalla yettiligi» tizimidan 47 ming xodim jalb etiladi.
«O‘zi «mahalla yettiligi»da 66 142 ta xodim bor, shundan 47 mingtasi jalb qilinadi. Qolganlarini ham biz zaxira kadr sifatida o‘qitamiz. Ular 15 kun davomida o‘qitiladi», — deydi Nurbek Sheraliyev.
Ro‘yxatga olish jarayoni 2026-yilning 15–31-yanvar kunlari internet orqali, 3–28-fevral kunlari esa yalpi kuzatuv, ya’ni uyma-uy yurib ro‘yxatga olish orqali o‘tkaziladi.
Sheraliyevning ta’kidlashicha, internet sust bo‘lgan hududlarda davlat tashkilotlari sharoit yaratadi, zarur bo‘lsa mahalla xodimlari uyma-uy yurib ro‘yxatga olishni bajaradi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonidagi so‘rovnoma 71 savoldan iborat bo‘lib, 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid.
Ma’lumot uchun, oxirgi umummilliy aholini ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan.
Avvalroq ro‘yxatga olishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi haqida xabar qilingandi.