Yangiliklar

O‘zbekistonlik traktor va yuklovchi mashina haydovchilari Bolgariyaga ishga taklif qilinmoqda

Maosh 1000 yevro ($1,2 ming)
Bolgariya o‘zbekistonlik traktor haydovchilarini ishga taklif qilmoqda
Bolgariya o‘zbekistonlik traktor haydovchilarini ishga taklif qilmoqda. Foto: olenka-2008 / Depositohotos

O‘zbekistonlik traktor va yuklovchi mashina haydovchilari Bolgariyaga ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ish mavsumiy bo‘lib, shartnoma olti oyga tuziladi, oyiga 250 soat ishlanadi va qo‘shimcha soatlar uchun alohida haq to‘lanadi. Maosh 1000 yevro ($1,2 ming) bo‘lib, yotoqxona ish beruvchi tomonidan bepul ta’minlanadi.

Ish o‘rinlari traktor haydovchisi (10 ta) va yuklovchi mashina haydovchilari (ikkita) uchun mo‘ljallangan. Nomzodlar 40 yoshgacha bo‘lishi, xorijga chiqish pasporti, sudlanmaganlik ma’lumotnomasi hamda tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak. Mehnat shartnomasi ish beruvchi bilan bevosita tuziladi, aviachipta xarajati esa ish haqidan ushlab qolinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish Migratsiya agentligining xorijda ish platformasi orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq Germaniya qurilish va texnika sohasidagi kadrlarni ishga taklif qilayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Migratsiya agentligi, Germaniya Federal bandlik agentligi va Hunarmandlar uyushmasi hamkorligida «Germaniyada iqlim biznesi uchun kelajak iste’dodlari» loyihasining uchinchi bosqichi boshlandi. 

Loyiha doirasida Germaniya bo‘ylab 50 ta ish o‘rni taqdim etiladi. Tanlov jarayonida 100 nafar mutaxassis suhbat va test asosida saralab olinadi. Tanlovni Germaniya Federal bandlik agentligi tashkil qiladi.