Avto

Chery Exeed Yaoguang C-DM Global Edition taqdim etildi

Chery Exeed Yaoguang C-DM Global Edition
Chery Exeed Yaoguang C-DM Global Edition taqdim etildi / Foto: Chery

Chery kompaniyasi tomonida Xitoyda yangi Exeed Yaoguang C-DM Global Edition gibrid avtomobili sotuvga chiqarildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

U uchta turda taklif etilmoqda va asosiy o‘zgarishlar quvvat blokida amalga oshirilgan. Avtomobil 1 400 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Model nomidagi Global Edition atamasi uning xorijiy bozorlarga ham eksport qilinishini anglatadi.

Modelning dizayni

Foto: Chery

Avtomobil tashqi ko‘rinishda avvalgi dizaynni saqlab qolgan. Old qismida yoritilgan uzluksiz LED chiroq chizig‘i va yon tomonlarda vertikal joylashgan chiroqlar o‘rnatilgan. Kuzov ikki rangli variantda ham taqdim etilmoqda. Orqa qismda esa uzluksiz fonarlar qora elementlar bilan uyg‘unlashtirilgan, ikki tomonlama egzoz chiqishlari esa avvalgi ko‘rinishda saqlanib qolgan.

Yangi modelning o‘lchamlari o‘zgarmagan. Uning uzunligi 4 781 mm, eni 1 920 mm, balandligi 1 671 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2 815 mmni tashkil etadi.

Avtomobilning texnik xususiyatlari

Foto: Chery

Texnik qismda 1,5 litrli TGDI benzin dvigateli va bir yoki bir nechta elektromotorlar ishlatiladi. Dvigatel 154 ot kuchi quvvat va 220 Nm maksimal aylanish momentini beradi. Model 3 pog‘onali DHT uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

120 Long-Range 2WD versiyasi 201 ot kuchiga ega elektromotor va 120 km elektr masofani ta’minlaydigan 19,53 kVt/soatli LFP batareya bilan jihozlangan. 210 Ultra-Long-Range 2WD varianti esa ikki elektromotorga ega bo‘lib, 221 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi va 210 km elektr masofaga ega 34,46 kVt·soatli CATL M3P LFP batareyasi bilan taqdim etilgan.

Exeed Yaoguang C-DM Global Edition gibrid avtomobili qanday / Foto: Chery

Xitoyda yangi modelning boshlang‘ich narxi 139 900 yuan ($19,6 ming), eng yuqori komplektatsiyasi esa 189 900 yuan ($26,6 ming) etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 8 avtomobili ikki xil dizaynda taqdim etilgani haqida yozgan edi.