
General Motors kompaniyasi tomonidan Yaqin Sharq bozorida yangi 2026 Chevrolet Captiva elektromobili rasman taqdim etildi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda. Avgust oyida ilk bor namoyish etilgan model endi mintaqada savdoga chiqishga tayyorlanmoqda.
Modelning texnik xususiyatlari
Chevrolet Middle East vakillarining ta’kidlashicha, Captiva EV zamonaviy, ekologik toza va oilaviy ehtiyojlarga moslashtirilgan model sifatida ishlab chiqilgan. Krossover besh kishiga qulay joy taqdim etadi. Uning ichki qismi yangidan ishlangan, tashqi ko‘rinishi esa ikki rangli kuzov va qora tom bilan ajralib turadi. Avtomobil bir martalik quvvat bilan 415 kilometr (NEDC) masofani bosib o‘tadi. Plug-and-charge texnologiyasi esa yonilg‘i va dvigatel xizmatini talab qilmasdan xarajatlarni kamaytiradi.

Yangi model LT va Premier komplektatsiyalarida taqdim etiladi. Ikkala variant ham bir xil tashqi dizaynga ega bo‘lib, xavfsizlik va texnologiyalar to‘plami standart tarzda o‘rnatilgan.
Texnik jihatdan Captiva elektromobili bitta elektromotor va old g‘ildirakdan tortish tizimi bilan ta’minlangan. Dvigatel 201 ot kuchi va 310 N·m moment ishlab chiqaradi. 60 kVt/soat sig‘imli litiy-ion batareya tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. U 259 mil (415 km) yurish masofasini ta’minlaydi.

Chevrolet Captiva EV BAA va Saudiya Arabistonida sotuvga chiqariladi. Narxlar va aniq sotuv sanalari esa rasmiy taqdimotga yaqin e’lon qilinadi.
Yangi Captiva EV mintaqadagi elektr transport vositalariga bo‘lgan talabni qondirish va Chevrolet brendining Yaqin Sharqdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

GMning elektromobil siyosati
General Motors so‘nggi yillarda elektromobillarni rivojlantirishni o‘zining asosiy strategik yo‘nalishiga aylantirdi. Kompaniya 2035-yildan boshlab ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatib, to‘liq elektr transport vositalariga o‘tishni maqsad qilgan. Shu maqsadda GM o‘zining Ultium platformasini ishlab chiqdi, u turli sinfdagi avtomobillarga moslashuvchan yechim taklif etadi. Hozirda Chevrolet, Cadillac, GMC va Buick brendlari ostida turli elektr modellar ishlab chiqarilmoqda va ular global bozorlarda asta-sekin kengaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker xarididan keyingi yashirin xarajatlar haqida yozgan edi. Model O‘zbekistondagi eng ommabop dellardan biri bo‘lib qolmoqda. Yanvar – avgust oylarida 25 ming dona Tracker xarid qilingan.
Shuningdek, Chevrolet Damas avtomobilining eskirmaslik sabablari haqida ham maqola e’lon qilgan edik.