
Chevrolet Onix O‘zbekistondagi eng ommabop avtomobillardan biri hisoblanadi. Yanvar-avgust oylarida 14,2 ming xarid qilingan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Onix avtomobili haqida qiziqarli faktlar haqida so‘z boradi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
Modelning dizayni haqida nimalar ma’lum
Model haqida qisqacha
Model 5 o‘rindiqqa ega bo‘lib, uzunligi 4474 mm, kengligi 1746 mm, balandligi esa 1470–1474 mm atrofida. G‘ildirak bazasi 2600 mm, yo‘l balandligi (klirensi) esa 136 mm qilib belgilangan.

Avtomobilning yoqilg‘i bakining hajmi 44 litrni tashkil etadi, yukxona esa 469 litr sig‘imga ega. Old g‘ildiraklarga diskli, orqa qismiga esa barabanli tormoz tizimi o‘rnatilgan. Shinalar o‘lchamlari 185/65R15 yoki 195/55R16 bo‘lishi mumkin. Rul boshqaruvi elektron kuchaytirgichli, oldi qismida Makferson ustunlari, orqa qismida esa yarim mustaqil osma qo‘llangan.
Onix benzinli dvigatellar bilan jihozlanadi: atmosferali yoki turbinali variantlar mavjud. Ish hajmi 1196 kub santimetrni tashkil etadi. Atmosferali versiya 66 kVt (90 ot kuchi) quvvat va 115 Nm moment beradi. Turbo dvigatel esa 97 kVt (132 ot kuchi) quvvat va 190 Nm moment ishlab chiqaradi. Avtomobil maksimal 170 km/soat tezlikka erishishi mumkin. 0 dan 100 km/soatgacha tezlashishi esa 9,7 soniyani tashkil etadi.

Transmissiya variantlari orasida 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomat mavjud. Yoqilg‘i sarfi aralash rejimda 5,5–6,5 litr, trassada esa 4,7–4,8 litrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar avtomobilni iqtisodiy jihatdan juda qulay qiladi.
Braziliyada yaratilgan
Chevrolet Onix ko‘plab global Chevrolet modellaridan farqli o‘laroq aynan Lotin Amerikasida yaratilgan. General Motors uni Braziliyaning San-Paulu shahridagi dizayn markazida ishlab chiqdi. Avvalgi Chevrolet Corsa va Celta modellarini almashtirgan Onix o‘ziga xos braziliyalik dizaynga ega hatchbek sifatida taqdim etildi.

Mahalliy dizayn jamoasi mehnati
Onix tashqi ko‘rinishi GM Braziliya dizayn jamoasi tomonidan yaratilgan. Jamoaga GM Janubiy Amerika dizayn direktori Karlos Barba rahbarlik qilgan. Aynan shu jamoa avtomobilning tashqi shaklini va detallarini San-Paulu studiyasida ishlab chiqdi. Bu jarayon to‘liq mahalliy ijod mahsuli bo‘ldi.
Dastlabki Onix qiyofasi

2012-yilda taqdim etilgan ilk Onix modeli o‘z sinfi uchun yuqori darajadagi ko‘rinishga ega edi. Old faralari yirikroq avtomobillarni eslatsa, qalqonsimon panjara markazida Chevrolet ramzi joylashgan edi. Korpus rangidagi eshik tutqichlari va oynalar, shuningdek, qimmat versiyalarda alyuminiy disklar avtomobilga joziba berdi. Eng muhim yangiliklardan biri 7 dyuymli MyLink sensorli ekrani bo‘lib, o‘sha paytda kichik sinfda bunday imkoniyat deyarli yo‘q edi.
Onix nomining siri

Avtomobilga berilgan «Onix» nomi tasodifiy emas. Bu nom yarim qimmatbaho tosh — oniksdan olingan. Chevrolet shu yo‘l bilan arzonroq segmentga kiruvchi modeliga ham mustahkamlik, qadriyat va o‘ziga xoslik obrazini berishni istagan. Kompaniya ilgari ham «Opala» kabi mineral nomlardan foydalangan.
Kutilmagan muvaffaqiyat

Onix taqdim etilganidan keyin bozorda katta qiziqish uyg‘otdi. Chevrolet uni «yuqori segmentlarga xos imkoniyatlarga ega arzon mashina» sifatida taqdim etdi. Sotuvlar shunchalik yuqori bo‘ldiki, GM Braziliya Gravataí zavodida uchinchi smenani ishga tushirdi va minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, kompaniya sport uslubidagi Onix «Track Day» kabi kontsept modellarini ham ko‘rsatib, avtomobilning imkoniyatlarini yanada kengroq namoyish etdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Captiva elektromobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.