
Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) penalti boʻyicha yangi qoida joriy etishni rejalashtirmoqda.
BILD nashrining xabariga koʻra, agar futbolchi 11 metrlik zarbani amalga oshirsa-yu, to‘p darvozaga kirmasa, qaytgan toʻpga teginishga ruxsat etilmaydi.
Yangi tartibga koʻra:
- Toʻp darvozaga kirmasa, qaysi tomonga qaytishidan qat’i nazar, hakam erkin zarba belgilaydi.
- Futbolchiga faqat bir marta imkoniyat beriladi.
- Endi boshqa futbolchilar penalti tepilayotgan vaqtda jarima maydoni tashqarisida toʻpni kutib turishlari shart boʻlmaydi.
Sobiq ispan hakami Eduardo Iturraldening ma’lum qilishicha, FIFA hakamlar qoʻmitasi rahbari Pyerluiji Kollina mazkur tashabbusni faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Manbalarga koʻra, Kollina bu borada FIFA prezidenti Janni Infantino bilan kelishib ham olgan.
Yangi qoida 2026/2027-yilgi mavsumdan kuchga kirishi kutilmoqda. Demak, 2026-yil Kanada, Meksika va AQShda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati eski penalti tizimi amalda boʻlgan soʻnggi yirik turnir boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq FIFA JCh-2030 ishtirokcholari sonini 64 taga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.