Yangiliklar

Google’ning gradientli yangi logotipi barcha platformalarda joriy etilmoqda

Bu 10 yildagi ilk yirik yangilanish bo‘ldi
Google yangi gradientli logotipini joriy qildi / Foto: Google

Google o‘zining gradientli yangi logotipini barcha platformalarda bosqichma-bosqich joriy eta boshladi. Bu haqda The Verge nashri ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, yangilangan belgida «G» harfi avvalgi to‘rt rang — qizil, sariq, yashil va ko‘k, ammo yanada yorqinroq gradient shaklida tasvirlangan. Bu kompaniyaning so‘nggi o‘n yildagi ilk yirik vizual o‘zgarishi hisoblanadi.

Avvalgi logotip 2015-yilda taqdim etilgan edi. O‘shanda «G» rangli, ammo sodda dizaynda bo‘lib, kompaniya mahsulotlari o‘rtasida yagona uslub yaratgan. Endilikda Google o‘zini sun’iy intellekt davridagi yangi bosqichda ekanini ko‘rsatish uchun yanada zamonaviy va dinamik ko‘rinishga urg‘u bermoqda.

Shu bilan birga, kompaniya boshqa xizmatlarning ham vizual elementlarini yangiladi. Masalan, Google Home logotipi sezilarsiz tarzda qayta ishlangan. Bu ham Google o‘zining barcha platformalarida yagona va uyg‘un uslub yaratishga intilayotganidan dalolat beradi.

Yangi gradientli «G» yaqin oylar ichida Gmail, Drive, Meet, Calendar va boshqa mashhur servislar interfeysida paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suzuki 22 yildan so‘ng logotipini yangilagani haqida yozgan edik.