
Strategik islohotlar agentligi tuman va shahar hokimliklari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Bugungi kunda hokimlarga yuklatilgan vazifalar soni juda ko‘p bo‘lib, mavjud resurslar ularni to‘liq bajarishga imkon bermayapti. Shu sababli boshqaruv tizimini qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ldi.
Farmon loyihasiga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha 32 ta tuman va shaharda alohida boshqaruv tartibi joriy etiladi. Bu hududlarda iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, yoshlar va boshqa yo‘nalishlarga oid idoralarning mahalliy bo‘linmalari hokimlik tarkibiga o‘tkaziladi. Hokimlar bevosita rahbarlik qilib, shtatlarni mustaqil belgilash hamda xodimlarni tayinlash vakolatiga ega bo‘ladi.
Tajriba-sinov davrida hokim o‘rinbosarlari soni 6 nafardan 4 nafarga qisqartirilishi rejalashtirilgan. Ularning vazifalari hududning ixtisoslashuvi va ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanadi. Bundan tashqari, bir rahbarga kamida uch nafar ijrochi xodim to‘g‘ri kelishi belgilangan bo‘lib, bu mehnat taqsimotini adolatli qilishga xizmat qiladi.
Loyihada ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llash ham ko‘zda tutilgan. Xususan, hududlararo hamkorlik kengashi va iqtisodiy forumlar tashkil etilib, yutuqlar va samarali tajribalar butun respublika miqyosida yoyiladi. Shuningdek, yig‘ilishlarni qisqartirish va samaradorlikni oshirish uchun elektron boshqaruv tizimi joriy etiladi.
Mazkur islohotlar hokimliklarning mas’uliyatini oshirish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish hamda aholining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining uchta tumaniga yangi hokim tayinlangan edi.