Yangiliklar

Kvartira ijarasi eng qimmat bo‘lgan shaharlar reytingi e’lon qilindi

Britaniya poytaxtida bir xonali kvartirani ijaraga olish o‘rtacha oyiga $2,7 ming turadi
Londonda uy ijarasi
Londonda uy ijarasi eng qimmat bo‘ldi / Foto: Ria Novosti

«RIA Novosti» ochiq manbalar asosida o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, yirik iqtisodiy markazlar orasida uy ijarasi eng qimmat shahar London bo‘ldi.

Britaniya poytaxtida bir xonali kvartira o‘rtacha oyiga $2,7 mingni tashkil etadi. Agar uy markazda joylashgan bo‘lsa, narx $3,1 minggacha yetadi. Singapur Londondan atigi bir necha dollar arzonroq bo‘lib, reytingda ikkinchi o‘rinni egalladi.

AQSh poytaxti Vashingtonda esa bir xonali uy ijarasi o‘rtacha $2,3 mingni tashkil etadi. Amsterdamda narx bundan $50 arzon, Dublinda esa $2,2 ming atrofida. Keyingi o‘rinlarda Reykyavik ($2,16 ming), Lyuksemburg va Gonkong ($2 ming), shuningdek, Bern ($1,8 ming) va Kopengagen ($1,75 ming) qayd etilgan.

Eng arzon uy-joy ijarasi esa Bangladesh poytaxti Dakkada qayd etildi. Bu yerda o‘rtacha narx $93 bo‘lib, reytingdagi yagona ko‘rsatkich $100 dan past bo‘ldi. Shuningdek, Islomobodda ($158), Lusakada va Qohirada ($175), Jazoirda ($184) hamda Hindiston poytaxti Dehlida ($185) uy ijarasi ancha arzon hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda yaxshi yashash narxi qancha ekanligi haqida xabar bergan edi.

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda to‘rt kishilik oila ijara to‘lamagan holda oyiga taxminan 23 mln so‘m, bir kishi esa 6,5 mln so‘m atrofida xarajat bilan yaxshi yashashi mumkin.

Ovqatlanish narxlari

Restoranlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarga qaraganda, shaharda arzonroq ovqatlanish bir kishi uchun o‘rtacha 60 ming so‘m, ikki kishilik o‘rta darajadagi uch taomli kechki ovqat esa 435 ming so‘m atrofida turadi. Fast food menyusi taxminan 52,5 ming so‘m. Oddiy ichimliklar, masalan, cappuccino o‘rtacha 24,8 ming so‘m, kichik suv esa 3 ming so‘mga baholangan.