
Oltin quymalar narxi yana oshdi, Afg‘oniston internetdan uzildi, Moskvada musulmonlar futbol ligasi tashkil etildi, SamAuto’ning 75,2 foiz davlat ulushi sotildi — Kursiv Uzbekistan tomonidan 30-sentabrning eng muhim voqea va hodisalari bitta materialga jamlandi.
YouTube Tramp bilan sudlashuvni $24,5 million to‘lov evaziga yakunladi

Alphabet’ga qarashli YouTube AQSh prezidenti Donald Tramp ochgan sud ishini $24,5 mln to‘lab hal qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Ish 2021-yil yanvaridagi Kapitoliy voqealaridan so‘ng Tramp akkaunti vaqtincha bloklangani bilan bog‘liq edi.
Rossiya 2026-yilda 5-6 ming dona «Atom» elektromobili ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Rossiya sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov «Innoprom. Belarus» ko‘rgazmasida bergan intervyusida 2026-yilda mahalliy «Atom» elektromobilining 5-6 ming dona nusxasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Shota Rustaveli ko‘chasidagi piyodalar svetofori tovush balandligi pasaytirilmoqda

Qurilmada tovush balandligi taxminan 90 dB darajadan 40 – 50 dB gacha pasaytirilmoqda. Bu ko‘rsatkich shahar muhiti uchun qulay hisoblanadi. Shuningdek, qurilmaning ishchi fazalari piyodalar oqimi jadalligiga moslashtirilmoqda: odamlar kamaysa, u avtomatik tarzda o‘chadi va ertalab yana yoqiladi.
Moskvada musulmonlar futbol ligasi tashkil etildi

Liga musulmonlarning turli jamoalari va turnirlarini yagona format ostida birlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirda musobaqa rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda va unda 14 ta jamoa qatnashmoqda. Shuningdek, liga tarkibida boshqa din vakillari ham ishtirok etmoqda.
2026-yildan boshlab O‘zbekistonda yiliga uch marta kosmik monitoring o‘tkaziladi

Prezident farmoni bilan 2026-yil 1-yanvardan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazadi. Xabarga ko‘ra, mazkur jarayon geologiya, yer munosabatlari va ekologiya sohalaridagi noqonuniy holatlarni aniqlashga qaratiladi.
O‘zbekistonda oltin quymalar narxi yana oshdi

30-sentabr kuni 5 grammli oltin quyma narxi tarixiy rekordini yana bir bor yangilab, 7,69 mln so‘mdan oshdi. Ma’lum qilinishicha, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 10 grammli quyma 15,230 mln so‘mdan 15,383 mln so‘mga, 20 grammli quyma 30,460 mln so‘mdan 30,766 mln so‘mga ko‘tarildi.
Afg‘oniston internet va aloqadan butunlay uzildi

Tolibon vakillarining ma’lum qilishicha, internetni cheklash bo‘yicha topshiriq harakat rahbari Haybatulloh Oxundzoda tomonidan berilgan va ayrim hududlarda ijtimoiy buzuqliklarning oldini olish maqsadini ko‘zlagan. Ammo NetBlocks tashkiloti uzilish butun mamlakat miqyosida kuzatilayotganini bildirdi.
SamAuto’ning 75,2 foiz davlat ulushi 80 million dollarga sotildi

«Samarqand avtomobil zavodi» MChJ (SamAuto) qo‘shma korxonasining ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Davaktiv agentligi xabar berdi.
ChatGPT’da to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish funksiyasi ishga tushdi

OpenAI ChatGPT’ga yangi savdo funksiyasini qo‘shdi, u hozircha AQSh foydalanuvchilari uchun mavjud. Yangi imkoniyat yordamida xaridorlar Etsy platformasidagi mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri chat orqali xarid qilishlari mumkin.
2-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

2-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 084,10 so‘m (+16,34 so‘m) etib belgilandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 56,61 so‘mga oshib, 14 197,61 so‘mni, rubl esa 1,08 so‘mga oshib, 146,72 so‘mni tashkil qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 29-sentabrning muhim voqealarini e’lon qilgandi.