
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Dohaga uyushtirilgan havo hujumi va qatarlik fuqaro halok bo‘lgani uchun Qatar hukumatidan rasman uzr so‘radi. Bu haqda Al Jazeera ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bosh vazir bu murojaatini Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi chog‘ida Qatar bosh vaziriga qilgan qo‘ng‘iroq orqali yetkazdi.
Netanyaxu Isroilning 9-sentabr kuni Hamas rahbarlariga qarshi amalga oshirgan zarbasi oqibatida qatarlik xavfsizlik xodimi Badr al-Dosari halok bo‘lganidan chuqur afsusda ekanini bildirdi. Shuningdek, u Qatarning suvereniteti buzilganini tan olib, bunday hujum kelajakda takrorlanmasligini ta’kidladi.
Bu Isroilning Qatarga qarshi ilk harbiy zarbasi bo‘lib, u xalqaro miqyosda keskin qoralandi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hujumni Qatarning hududiy yaxlitligiga ochiqdan-ochiq tajovuz sifatida baholadi. Shuningdek, deyarli 60 musulmon davlati Dohada yig‘ilib, Qatar bilan birdamligini bildirdi.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi uzrni qabul qilganini tasdiqladi va AQShning mintaqada tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarini e’tirof etdi. Qatar hukumati, shuningdek, Isroilning bunday xatti-harakatlari qayta sodir bo‘lmasligiga kafolat talab qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft Isroil bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatgani haqida yozgan edik.