Yangiliklar

Olti tonnadan ortiq yodlanmagan osh tuzi qayta yodlashga yuborildi — Sanepidqo‘mita

Bitta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi va 31 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi
Olti tonnadan ortiq yodlanmagan osh tuzi qayta yodlashga yuborildi
Olti tonnadan ortiq yodlanmagan osh tuzi qayta yodlashga yuborildi. Foto: medicana

Olti tonnadan ortiq yodlanmagan osh tuzi qayta yodlashga yuborildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, joriy yilning sakkiz oyida osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va foydalanuvchi korxonalarda tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada 4411 ta osh tuzi namunasi tekshirilib, 1306 tasi talabga javob bermagani aniqlandi.

Talabga javob bermagan tuz namunalarining 19 tasi ishlab chiqarish korxonalariga, 182 tasi savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, 1105 tasi esa maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarga to‘g‘ri keladi.

Natijada olti tonnadan ortiq (6042,5 kg) yodlanmagan osh tuzi savdodan olib, ishlab chiqaruvchi korxonalarga qayta yodlash uchun jo‘natildi. Shuningdek, bitta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi va 31 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Avvalroq qo‘mita bozorlardagi 130 tonnadan ortiq yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarini savdodan chiqargandi. Tekshiruvlarda, shuningdek, ko‘plab bozorlarida go‘sht va sut mahsulotlari uchun maxsus pavilyonlar, suv ta’minoti, chiqindi yig‘ish sharoiti hamda veterinariya laboratoriyalari yetarli emasligi aniqlangan. Qo‘mita bozorlarni sanitariya talablariga moslashtirish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.