O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognozi barqaror, Osiyo va Tinch okeanida sekinlashuv kutilmoqda – OTB

Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) 30-sentabr kuni e’lon qilgan hisobotida Osiyo va Tinch okeani mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish prognozlarini pasaytirdi. Bunga AQSh tariflari va global savdodagi noaniqliklar sabab sifatida ko‘rsatildi.
«Osiyo taraqqiyot istiqbollari» hisobotiga ko‘ra, mintaqadagi rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyoti 2025-yilda 4,8 foiz, 2026-yilda esa 4,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Avvalgi prognoz mos ravishda 4,9 va 4,7 foiz edi.

O‘zbekiston bo‘yicha prognozlar esa o‘zgarmadi — 2025-yilda 6,6 foiz, 2026-yilda 6,7 foiz. Bu joriy yil birinchi yarmidagi kutilganidan yuqori natijalar va ikkinchi yarmida faollikning pasayishi bilan izohlanadi.
OTB mutaxassislariga ko‘ra, mintaqadagi asosiy xavflar qatoriga AQSh savdo siyosatidagi noaniqlik, Xitoy bilan muzokaralarning cho‘zilishi, geosiyosiy keskinliklar va moliya bozoridagi beqarorlik kiradi.

Bank 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 69 mamlakat a’zo, shundan 50 tasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasida joylashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev OTB rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergan edi.