
Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. Davlat rahbari ta’lim-tarbiya sohasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan pedagoglarning xizmatini yuksak qadrlashini alohida ta’kidladi.
Prezident ta’lim sifatini oshirish uchun «Yangi avlod» bog‘chalari, zamonaviy texnikumlar hamda xalqaro dasturlar asosida yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Shuningdek, oliygohlarda ta’lim jarayonlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Ustoz va murabbiylarning nufuzini yanada oshirish uchun imtiyozli kreditlar, kontrakt to‘lovlariga chegirmalar, uy-joy sharoitlarini yaxshilash kabi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Bu orqali ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning hayoti va faoliyatiga keng qulayliklar ta’minlanadi.
Davlat rahbari o‘qituvchi va murabbiylarni kelajak avlodni tarbiyalashdagi beqiyos xizmatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirib, ularga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik va yuksak muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-oktabrda o‘qituvchilar qancha mukofot puli olishi haqida batafsil yozgan edik.