SamAuto’ning 75,2 foiz davlat ulushi 80 million dollarga sotildi

eʼlon qilindi
Anadolu Isuzu kompaniyasiga
Foto: SamAuto

«Samarqand avtomobil zavodi» MChJ (SamAuto) qo‘shma korxonasining ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Davaktiv agentligi xabar berdi.

2024-yil iyun oyida Turkiyaga oliy darajadagi tashrif davomida Anadolu Isuzu kompaniyasi bilan memorandum imzolangan edi. Endilikda Turkiyaning ushbu kompaniyasi SamAuto’ning davlat ulushini $80 millionga sotib oladi hamda yana $80 million investitsiya kiritadi.

Investitsiya dasturi doirasida O‘zbekistonda katta sig‘imli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, litsenziyalangan servis markazlari ochish, shuningdek, mahsulotni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Xususiylashtirish jarayoniga moliyaviy konsultant sifatida KPMG, yuridik masalalarda esa Dentons jalb etilgan. Baholash ishlari esa PwC xalqaro kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan.

SamAuto’ning qolgan ishtirokchilari — Yaponiyaning Itochu corp. va Isuzu motors Ltd. (har biri 12,4 foiz ulush bilan) ham mazkur bitimni qo‘llab-quvvatlagan.

Bitim yakuniy bosqichda bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Turkiya tartibga soluvchi organlaridan ruxsat olish talab etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM litsenziyasi asosida ishlaydigan «Uz Chasys»dagi davlat ulushi sotilishi haqida yozgandi.

Shuningdek